Bosh qomusimiz xalq konstitutsiyasiga aylandi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Yangilangan Konstitutsiya mamlakat, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarimizni aniqlab olishimiz uchun gʻoyat ahamiyatli masala, adolatli jamiyat qurish yoʻlidagi ulkan qadamdir. Konstitutsiyamizda Oʻzbekiston – suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekani qatʼiy belgilab qoʻyildi.
Inson huquq va erkinliklari qonunlarimizning, har bir vazirlik va idora faoliyatining mazmuniga aylanishi qatʼiy talab sifatida belgilandi. Bu hol davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning faqat va faqat fuqarolar manfaatini koʻzlab faoliyat yuritishiga asos boʻladi. Binobarin, qonunlardagi ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga hal qilinishi shart va zarur. Bunga koʻra, inson va davlat oʻrtasida munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikdagi noaniqliklar, turli tushunmovchiliklar bartaraf etiladi.
Konstitutsiyada kambagʻallikni qisqartirish, bandlikni taʼminlash, ishsizlikdan himoya qilish boʻyicha normalar belgilandi. Xususan, har kimning uy-joyli boʻlish huquqini olaylik. Ushbu normaning amal qilishi har bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning oʻz boshpanasiga ega boʻlishini taʼminlab, kishilarning hayotdan rozilik darajasini oshiradi.
Bundan tashqari, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u koʻrgan zararlarning oʻrni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda bozor qiymatida qoplanishi kafolatlandi.
Bundan buyon taʼlim olish huquqi va imkoniyati kengaytiriladi, oʻqituvchilar konstitutsiyaviy maqomga ega boʻladi. Jumladan, fuqarolarning oliy taʼlim muassasalarida davlat granti hisobidan oʻqish huquqi qatʼiy belgilab qoʻyildi. Asosiy qonunda fuqarolarning bepul boshlangʻich kasb-hunarga oʻqitilishi ham belgilanmoqda. Konstitutsiyada davlatning oʻqituvchilar shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilish majburiyati qayd etildi. Oliy taʼlim tashkilotlariga akademik erkinlik, oʻzini oʻzi boshqarish, tadqiqotlar oʻtkazish va oʻqitish erkinligi huquqi taqdim qilindi.
Inson huquq va erkinliklari kafolatlari sezilarli darajada kuchaytirilmoqdi. Xususan, Oʻzbekistonda oʻlim jazosi taqiqlandi. Oʻlim jazosini taqiqlashni konstitutsiyaviy darajada belgilanishi insonni hayotdan hatto davlat ham mahrum etishga haqli emasligini kafolatlaydi. Bundan tashqari, shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi belgilandi. Yaʼni, shaxsning erkinligini cheklash bilan bogʻliq har qanday harakat faqatgina sud qarori asosida amalga oshirilishi shart. Ushbu qoida tergov organlari tomonidan insonlarni noqonuniy hibsga olish, asossiz qamoqda saqlashga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan.

Abdusattor ABDURAZZOQOV,

jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudi raisi.
 

 

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM