
Hozirgi davrda jamiyat va inson shiddat bilan tezlashib borayotgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar jarayonida o‘zi munosabatlarga kirishadigan, yangiliklar va o‘zgarishlarga moslashadigan faol fuqaroni taqozo etadi va uning jamiyat rivojidagi o‘rni belgilanmoqda.
Demokratik qadriyatlar amal qilingan sharoitda davlat faoliyati fuqarolar nazorati ostida bo‘ladi. Shuning uchun ham jamiyat hayotida sodir bo‘ladigan turli o‘zgarishlar va jarayonlarda davlatdan ko‘ra fuqarolar mas’ulligi kuchayadi.
Fuqaro mas’uliyati fuqarolarning davlat tomonidan chiqarilgan qonunlar va me’yoriy-huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlashda va ularni amaliyotga joriy etishda chuqur mas’uliyat bilan qatnashishida yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Mas’uliyat ma’muriy jihatdan, ijtimoiy tartibga solishning turli me’yorlarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi jamoatchilik nazoratining namoyon bo‘lishidir. Bu borada “o‘zaro tiyib turish”, “manfaatlar muvozanati”, “ijtimoiy sherikchilik”, “boshqaruvda ijtimoiy nazorat” kabi ijtimoiy-siyosiy kategoriyalar paydo bo‘ldiki, bu voqelikni amaliyotini kuchaytirish borasida jamiyatda muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Demokratik siyosatni voqelikka aylantiradigan fuqaroviylik faqatgina fuqarolik jamiyatining ijtimoiy tarmoqlarida tarbiyalanishi mumkin. Bunday tarmoqlar ixtiyoriy bo‘lganligi uchun, uning tarkibidagi a’zolar shu tarmoq yoki uyushma doirasida qabul qilingan qoidalariga bo‘ysunib yashashni istamasliklari jamoa a’zolari tomonidan qandaydir qonuniy jazo bilan emas, balki oddiygina norozilik bilan qarshi olinadi.
Ifoda etilgan ana shu norozilik uyushma ichidan, ya’ni oila a’zolari, do‘stlar, hamkasblar va maslakdoshlar tomonidan ifoda etilganligi uchun davlat beradigan jazoga nisbatan ta’sirliroqdir. Aynan ana shu yerda insonning shaxsiyati, irodasi va tom ma’noda fuqaro bo‘lishga qodirligi shakllanadi.
Sirojiddin ISOMIDDINOV,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudining sudya yordamchisi.