82-sessiya: Tumandagi 11 ta mahalla “Qizil” toifaga tushgan

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Xalq deputatlari tuman kengashining 82-sessiyasi o‘tkazildi. Tadbirda jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi.

Qayd etilishicha, joriy yilning I choragi davomida tuman hududida 86 ta jinoyat sodir etilgan. Shundan 5 tasi o‘ta og‘ir, 15 tasi og‘ir turdagi jinoyatlar sirasiga kiradi. Bunda ayniqsa, giyohvandlik, firibgarlik, o‘g‘irlik kabi qilmishlar salmoqlidir.

Kriminogen vaziyat bo‘yicha mahallalar tasnifi ham ochiqlandi. Juriyat, Holvoyi, G‘azira, Olmazor, Dehqonobod, Toshkent, Ahmadjon Qurbonov, Samarqand, Qoramo‘yin, Beshbola, Shirinkent mahallalari “Qizil” toifadagi hudud ekani aytildi.

Sessiyada mahalliy budjet daromadlarining bajarilishi, qo‘shimcha rezervlarni aniqlash, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar kesimida budjetga tushumlar holati sarhisob qilindi.

Ta’kidlanishicha, hisobot davrida tuman budjetiga 20,9 milliard so‘m soliq undirilgan. Shu bilan birga nazorat rejasi bo‘yicha 24,2 milliard so‘m tushum ta’minlangan. Qo‘shimcha rezervlarni aniqlash borasida erishilgan natijalar misollar bilan tahlil qilindi.

Shuningdek, kun tartibiga ko‘ra, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan ta’lim sifati, kadrlar salohiyatini baholash yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar mavzuida axborot berildi. 2021-yil 5-noyabrda qabul qilingan “Sport ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish orqali olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha sportchilar zaxirasini shakllantirish sifatini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori ijrosi muhokama etildi. Tuman sport maktabi direktori Edib Amediyev bu boradagi muammo va yechimlarga to‘xtaldi.

Sessiyada tuman hududida tashkil etilgan uchastka saylov komissiyalari tarkibiga nomzodlarni tavsiya etish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi. Mavzu yuzasidan 7-Samarqand saylov okrugi a’zosi Feruza Xonkeldiyeva so‘zga chiqdi. Jarayonni sifatli tashkil qilish va o‘tkazish bo‘yicha deputatlar bilan hamkorlik qilinishi belgilandi.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM