Maktabimizning gul yuzi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Farzandlarimiz puxta bilimli, zamonaviy dunyoqarashga ega bo‘lib ulg‘ayishi uchun yurtimizda barcha sharoitlar yaratilmoqda. Bu borada ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor ko‘lami beqiyos. Ayniqsa, turli fanlar bo‘yicha iqtidorli yoshlarni kashf etish, qo‘llab-quvvatlash yo‘lida tizimli islohotlar o‘tkazilayotgani quvonarlidir. Yoshlarimiz ham bunga javoban o‘z qiziqishlari doirasida yuqori natijalarni qayd etishyapti. Jomboylik Gulyuz Ismoilova ulardan biri.

40-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining 11-sinfida tahsil olayotgan o‘quvchi qizimizda bolaligidan aniq va tabiiy fanlarga iqtidor bo‘y ko‘rsatgan edi. 5-sinfdan boshlab matematika, bilogiya, kimyo fanlarini chuqur o‘rgana boshlagan.

Intilishlar albatta, o‘z mevasini beradi. Gulyuz 8-sinfgacha har yili  “Bilimlar bellashuvi”ning tuman bosqichida 1-o‘rinni egallagani, viloyat bosqichida sovrinli o‘rinlarga sazovor bo‘lgani fikrimiz tasdig‘idir.

Yuqori sinfga o‘tgach, Gulyuz Ismoilova asosiy fan olimpiadasida ham dadil yutuqlarga erisha boshladi. 2019-yilda “Qo‘qon olimpiadasi”ning respublika bosqichida ishtirok etib, sovrindorlar safidan joy oldi.

Shu yili asosiy fan olimpiadasining viloyat bosqichida ham kimyo fanidan faxrli 1-o‘rinni egalladi. 19-22-may kunlari Buxoro viloyati mezbonlik qiladigan respublika bosqichida viloyatimiz sharafini munosib himoya qilish uchun bilimini mustahkamlamoqda.

Gulyuz Ismoilova kelajakda shifokor bo‘lishni orzu qiladi. Samarqand davlat tibbiyot universitetiga o‘qishga kirish niyatida. Yaqinda kimyo hamda bilogiya fanlaridan milliy sertifikat uchun imtihon topshirgandi. Bu safar ham bilim o‘z so‘zini aytdi. Davlat test markazi xulosasiga ko‘ra, bilimi biologiya bo‘yicha 92 foiz, kimyo bo‘yicha qariyb 80 foizga baholandi va milliy sertifikatga ega bo‘ldi.

Gulyuz kabi qizlarimiz haqiqiy ma’noda tengdoshlariga namuna, sinfdosh do‘stlarini ham ortidan ergashtirmoqda. Istaymizki, shu kabi yoshlarimiz safi kengaysa. Zero, uchinchi renessans poydevorini mutafakkir ajdodlarimizga munosib avlodlar barpo etadi.

Shohista NAMOZOVA,

40-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi direktori, tuman kengashi deputati.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM