Gilos yetishtirishga ustuvor ahamiyat beriladi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Yurtimizda Jahon oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyoda mamlakatbay loyihalarni amalga oshirish mintaqaviy seminari o‘tkazilmoqda. “Bir mamlakat – bitta ustuvor mahsulot” global dasturi doirasidagi tadbirda milliy va xalqaro ekspertlar, olimlar, Albaniya, Armaniston, Gruziya, Qirg‘iziston, Moldova, Serbiya, Tojikiston, Turkiya va Xitoy vakillari qatnashishmoqda.

Seminar ishtirokchilari tumanimizga ham tashrif buyurdi. “Maroqand meva-sabzavot” mas’uliyati cheklangan jamiyati” tomonidan barpo etilgan yirik intensiv bog‘ hamda logistika markazi mehmonlarda iliq taassurot uyg‘otdi. Gilos qiymat zanjirining barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash uchun yashil texnologiyalarni ilgari surish bo‘yicha keyingi qadamlar kelishib olindi.

Ma’lumot uchun, yurtimizda har yili 180 ming tonnagacha gilos yetishtiriladi. Bunda “Maroqand meva-sabzavot” mas’uliyati cheklangan jamiyatining hissasi ham salmoqlidir. Xususan, ushbu bog‘larda 6 xil gilos navi parvarishlanmoqda.

– “Bir mamlakat uchun bitta ustuvor mahsulot” yo‘nalishining tanlanishi noo‘rin xavotir uyg‘otmasligi kerak, – deydi Jahon oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining dehqonchilik va o‘simliklarni himoya qilish bo‘limi direktori Jingyuan Sya. – Amaliyotda qishloq xo‘jaligida bitta ustuvor mahsulotning tanlanishi mamlakat iqtisodiyotini mustahkamlaydi. Shuningdek, bu boshqa mahsulotlar cheklanishi degani emas. O‘zbekistonda bu loyiha uchun gilos mahsuloti tanlangan. Mamlakatingizdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eskporti ichida gilos yetishtirish 5-o‘rinni egallaydi. Ushbu salohiyatni yanada oshirish uchun sharoitlar mavjud. Ajoyib iqlim, bog‘bon va fermerlarning yuksak tajribasidan unumli foydalanish kerak, deb o‘ylayman.

Xitoylik mutaxassislar bilan tumanimiz iqlimiga hamohang tarzda alohida gilos plantatsiyalarini tashkil etish bo‘yicha rejalar belgilandi. Dasturning Osiyo mintaqasi bo‘yicha global koordinatori Hafiz Mo‘minovning tashabbusi bilan loyiha intensiv texnologiyalar asosida pakana va yarim pakana gilos bog‘larini rivojlantirish orqali rivojlantiriladi. 

Mehroj FAYZILOV,
“Maroqand meva-sabzavot” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori.

 

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM