“Open budget”: Pudratchilar shaffof tanlanadi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

“Tashabbusli budjet” asosida moliyalashtiriladigan qurilish loyihalarini amalga oshirishning yangi tartibi belgilandi. “Qurilish loyihalarini amalga oshirishda nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, jarayonning ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida bu haqda nazarda tutilgan.

Hujjatga ko‘ra, joriy yildan boshlab obyektlarning loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari “Shaffof qurilish” axborot tizimi orqali aniqlanadi. Jarayonda inson omili aralashmaydi.

2023-yil 1-martga qadar qurilish obyektlarida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish maqsadida “Shaffof qurilish” axborot tizimining mobil ilovasi yaratiladi. U kamchiliklar, qonunbuzilishi holatlarini aks ettiruvchi foto va videomateriallarni yuklash imkonini beradi. Buyurtmachi bilan loyihachi va pudratchi o‘rtasidagi shartnomalar faqat elektron raqamli imzo orqali tuziladi.

Buyurtmachilar aniq belgilab qo‘yildi. Ya’ni:

– Ichki avtomobil yo‘llari bo‘yicha avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tizimidagi buyurtmachi tashkilotlar;

– Ichimlik suv ta’minoti va oqova tizimi obyektlari bo‘yicha “Suv ta’minoti va oqova suv obyektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi” unitar korxonasi;

– Elektr energiyasi va gaz ta’minoti obyektlari hamda aloqa tarmoqlari bo‘yicha “Hududiy elektr tarmoqlari” hamda “Hudud gaz ta’minot” aksiyadorlik jamiyatlari, shuningdek, “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi;

– Ijtimoiy soha obyektlari, mahalla fuqarolar yig‘ini, obodonlashtirish, tungi yoritish uskunalarini o‘rnatish ishlari va boshqalar bo‘yicha “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi mas’ul hisoblanadi.

Muhammadjon SULAYMONOV,

Moliya bo‘limi bosh iqtisodchisi.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM