Uch davrni birlashtirgan qomus

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Tuman hokimligi tashabbusi va bir guruh ziyolilar g‘oyasi asosida nashrga tayyorlangan “Jomboy: kecha, bugun, ertaga” qomusiy nashrining taqdimoti o‘tkazildi. Tadbirda sektor rahbarlari, jamiyatning turli tarmoqlarida mehnat qilayotgan davlat xizmatchilari, ziyolilar va faxriylar qatnashdi.

Jomboy nafaqat Samarqand diyorida balki, respublikamizda ham o‘z o‘rniga ega bo‘lgan tumanlardan sanaladi. Bu zaminda ming yillar avval ham ijtimoiy-madaniy hayot gullab-yashnagan, yozma manbalar va arxeologik topilmalar bunga guvohdir. So‘nggi yillarda Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar sabab tumanimiz sanoat va qishloq xo‘jaligi taraqqiy topgan hudud sifatida shuhrat qozonmoqda. “Jomboy: Kecha, bugun, ertaga” kitobi shu haqida mufassal hikoya qiladi.

Qayd etish joiz, bunga qadar hudud haqida yaxlit tasavvur beruvchi bunday xronologik asar yaratilmagan. Kitob orqali tumanning kecha, bugun va ertangi maqsadlari haqida keng tasavvurga ega bo‘lish mumkin. Uch qismdan iborat nashrda Jomboyning geografik joylashuvi, uzoq o‘tmishidan bugungi kunga qadar bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, mehnatkash xalq faoliyati, kelgusidagi rejalar yoritilgan.

Tadbirda so‘zga chiqqan tuman hokimi – g‘oya muallifi Qayum Sobirov, mas’ul muharrir, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Isomiddin Po‘latov ikki yil davom etgan asarning yaratilish jarayonlari haqida so‘z yuritishdi. Shoir Yormuhammad Rustamov, mehnat faxriylari Obloqul Xoljigitov, Ilhom Niyozov tuman ijtimoiy-iqtisodiy hayotining barcha jabhalarini qamrab olgan kitob-albomning ahamiyatiga to‘xtaldilar. Mavzu yuzasidan videorolik namoyish etildi.

Taqdimot so‘nggida ishtirokchilarga “Jomboy: Kecha, bugun, ertaga” qomusi tarqatildi.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM