“Yuksak salohiyatli avlodga har qachongidan ham ehtiyojimiz bor” – tuman hokimi Qayum Sobirov o‘qituvchi va murabbiylarga tabrik yo‘lladi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Aziz ustozlar!

Qadrli pedagoglar!

Avvalo, barchangizni yaqinlashib kelayotgan qutlug‘ sana – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etaman.

Dunyoda Sizning kasbingizdan ham ulug‘ va sharafli mehnat yo‘q. Kim bo‘lmaylik, qaysi sohada ishlamaylik, barchamizga Siz aziz, muallimlar ta’lim va tarbiya bergansiz. Xalqimizda “Ustoz otangdek ulug‘”, maqoli bejiz aytilmagan.

Dunyoda tahlikali vaziyat hukm surayotgan bir davrda mamlakatimizda uchinchi renessans g‘oyasi ilgari surilmoqda. O‘zbekiston har sohada ilgarilab, dunyoning yetakchi davlatlari safiga kirib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Endilikda Vatanni sevadigan, jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk, yuksak salohiyatli avlodga har qachongidan ham ehtiyojimiz bor. Farzandlarimizni jahon xalqlari bilan bellasha oladigan, Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari etib tarbiyalash aziz ustozlarning zimmangizdadir.

Amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini bera boshlaganini ko‘rib turibmiz. Jamiyatimizda ustozlar mavqeining oshib borayotgani, yoshlarimiz orasida Sizga havas qilib, o‘qituvchilik kasbini tanlayotgan yigit-qizlar ko‘payib borayotgani quvonarlidir. Bu ham bo‘lsa, mashaqqatli mehnatingiz mevasi, desak mubolag‘a emas.

Mavridi kelganda sohadagi yutuqlarimizni ham tilga olishimiz o‘rinli bo‘ladi. Bundan 3-4 yil avval oliy ta’lim muassasalariga o‘quvchilar qamrovi bo‘yicha tumanimiz ko‘rsatkichi 8-9 foizni tashkil qilar edi. Sa’y-harakatlaringiz natijasida joriy yilda ushbu raqamlar 35 foizga yaqinlashdi. Xalq ta’limi tizimi bo‘yicha milliy reyting natijalariga ko‘ra, Jomboy pedagoglari 2-o‘rinni egallagani barchamiz uchun faxr-iftixordir.

Kuni kecha, Prezidentimizning “O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi. Unga ko‘ra, tumanimizdagi 18-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Hulkar Fuzailova “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Fursatdan foydalanib, ustozni hamda u kishini ma’naviy-ruhiy qo‘llab-quvvatlagan barcha hamkasblari, yaqinlarini tabriklayman.

Imom Gʻazzoliy rahimahulloh “Ihyo” kitobida shunday deydilar:

“Muallimning haqqi ota-onaning haqqidan ustun qo‘yiladi. Chunki ota vujud va foniy dunyoning sababchisi bo‘lsa, muallim abadiy hayotning omilidir. Muallim bo‘lmasa edi, ota tomonidan hosil qilingan narsa abadiy halokatga duchor bo‘lardi. Zero, muallim uxroviy hayotning bunyodkoridir”.

Muhtaram Prezidentimiz soha rivojini davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rayotganlari bejiz emas. Jamiyatimiz taraqqiyoti Sizlarning faoliyatingiz bilan chambarchas bog‘liq.

Muhtaram ustozlar, yana bir bor bayramingiz bilan muborakbod etaman. Hamisha sog‘-salomat bo‘ling, mehnatingiz samarasi ortidan izzat-ikrom, e’zoz topish har biringizga nasib etsin.

Qayum SOBIROV,

Jomboy tumani hokimi.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM