“Jomboy: kecha, bugun, ertaga” - mustaqillik tuhfasi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Mustaqillik bayrami arafasida tuman hokimligi va “Jomboy tongi” gazetasi tahririyati hamkorligida “Jomboy: kecha, bugun, ertaga” qomusi (“Sahhof” nashriyoti, Toshkent) nashr etildi. 

Qayd etish joiz, bunga qadar hudud haqida yaxlit tasavvur beruvchi bunday xronologik asar yaratilmagan. Kitob orqali tumanning kecha, bugun va ertangi maqsadlari haqida keng tasavvurga ega bo‘lish mumkin. Uch qismdan iborat nashrda Jomboyning geografik joylashuvi, uzoq o‘tmishidan bugungi kunga qadar bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, mehnatkash xalq faoliyati, kelgusidagi rejalar batafsil yoritilgan.

Loyihada birgina manba yoki muallif nuqtai nazariga tayanilmagani, ta’bir joiz bo‘lsa, qariyb bir asrlik yozma manbalardan keng foydalanilgani e’tiborga molik. Kitob tuman hokimi Qayum Sobirov g‘oyasi asosida yaratildi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Isomiddin Po‘latov mas’ul muharrirlik qildi. Asar jomboylik ijodkorlar Shokirjon Sheraliyev, Hafiza O‘sarova, Oyxumor Asadova, Sherzod Isoqulov va Orifjon Odilov tomonidan nashrga tayyorlandi, to‘plandi. Sahifalar Sohib Sayfullayev, Ahror Shamsiyev foto-lavhalari bilan bezatilgan.

Yaqin kunlarda ushbu qomusiy nashr taqdimoti o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM