Holvoyi yangi qiyofaga kirmoqda

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlari aholi kayfiyatiga ham ijobiy ta’sir etayotgani sir emas. Ayniqsa, markazdan olis, og‘ir sharoitdagi qishloqlarning chiroy ochib borayotgani quvonarlidir. Ayni kunlarda tumanimizning Holvoyi mahallasida davom etayotgan ishlar fikrimizni tasdiqlaydi.

Qayd etish joizki, hududda 600 ta xonadon mavjud bo‘lib, 3890 nafar aholi istiqomat qiladi. Qishloqni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 7,7 kilometr tarmoq tortildi. Mavjud suv inshooti mukammal ta’mirlandi. Bundan tashqari, respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan 1,1 kilometr asfalt, 2 kilometr tosh yo‘l, 1 kilometr piyodalar yo‘lagi barpo etildi.

Elektr energiyasi ta’minoti fuqarolar ijtimoiy turmushining muhim ko‘rsatkichlaridan biri sanaladi. Bugungi kungacha Holvoyi qishlog‘ida 10 ta tungi yoritish chiroqlari, 30 ta temir konstruksiyali simyog‘och-ustunlar o‘rnatilgani bu boradagi ishlar salmog‘idan darak bermoqda.

– Qishloq aholisi tabiiy gaz bilan to‘liq ta’minlangan, – deydi mahalla raisi Qobil Yo‘ldoshev. – Dastur doirasida 1 kilometr quvur hamda 4 ta taqsimlash punkti sozlandi. 28-maktabgacha ta’lim tashkilotining qariyb 2 milliard so‘m evaziga rekonstruksiya qilingani xalqimiz quvonchini yanada oshirdi. Yakka tartibdagi xonadonlarni ta’mirlash ham diqqat e’tiborda turibdi. Xonadonma-xonadon yurgan holda tushuntiryapmiz, maslahat va tavsiyalar, zarur bo‘lsa, moddiy-ma’naviy ko‘mak ko‘rsatilyapti. Ayni kungacha ehtiyojmand oilalar yashab kelayotgan 140 ta uy-joylar homiylik va xayriya mablag‘lar hisobidan, tashabbuskor tadbirkorlar va saxovatpesha insonlar ko‘magi bilan ta’mirlandi.

Darhaqiqat, Holvoyiga kirib borgan kishi ertangi kunga ishonch kayfiyati ustidan chiqadi. Hududdagi ming yillik chinor atrofi hunarmandlar guzariga aylantirilayotgani, Abdulaziz Shamsulayimma sag‘anasi o‘rnidan muhtasham maqbara barpo etilib, ziyorat turizmi yo‘nalishiga kiritilayotgani alohida mavzu. Muhtasar aytganda, Holvoyi qachonlardir Mirzo Bobur orzu qilgan go‘zal qo‘rg‘onga aylanmoqda.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM