No‘shdan chiqib, Kanadani ishg‘ol qilgan Islombek

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Kanadaning yirik shahri  Monrealda hayot har doimgidek qizg‘in: qariyb ikki millionga yaqin aholiga ega shaharning osmono‘par binolari kishini hayratga solsa, necha asrlik tarixga ega qadimiy imo­ratlar ham e’tiborni tortadi. Har bir ko‘cha, har bir maydon chi­norlarga to‘la bu daraxt shu yerlik xalqning ramziga aylangan!

Shaharning ko‘rkam joylaridan biri Sherbrok ko‘chasidan yurib kelayotgan o‘ychan yigit bir zum to‘xtab, azim chi­norlarga razm solarkan, o‘zi tug‘ilib o‘sgan manzildagi chinorlar bilan bu yerdagilarining farqiga qiziqdi. So‘ngra ko‘cha boshidagi muhtasham imorat tomon ohista yurib ketdi. Bu ko‘hna va viqorli manzil qariyb 70 ming talabani bag‘riga olgan va 200 yildan oshiq ta­rixga ega Mak Gill universiteti! Chinor ostidagi yigit esa mazkur universitetning falsafa fanlari doktorligi darajasini yoqlayotgan yosh olimi Is­lombek Murodov. U o‘ta muhim darsga kech qolmaslik uchun tarixiy bino ich­karisi tomon shoshiladi.

“Kuning qora mehnatda qolmasin, bolam!”

Samarqand viloyatining so‘lim tu­mani Jomboy! No‘sh bu hududning qadimiy qishloqlaridan. Islombek Mu­rodov ayni shu qishloqda, 1993­-yilda tug‘ilgan. Uning yoshlik yillari tengdoshlari qatori mol boqish, qo‘y­-qo‘zilar ortidan yurib o‘tgan. 

– Har bir oilada bo‘l­gani kabi ba’zan yetishmovchilik bo‘lib turardi, deydi I.Murodov.  Dadam hamisha bizni yaxshi ta’­lim olishimiz uchun qattiq harakat qilganlar. U kishining undovi bois maktabda fanlarni yaxshi o‘zlashtirib,  keyinchalik ilm olishga qiziqishim ortgan. Hamisha “kunlaring qora mehnatga qolmasin, o‘qinglar, davlat ishida ishlanglar, bolalarim”, deya tak­rorlardilar. Menimcha, mana shu gaplar mening keyingi hayotimda muhim aha­miyatga ega bo‘ldi.  

Islomning orzusi dastlab shifokor bo‘ lish edi. Biroq otasi uni konchilik so­hasidan borishini xohladi. Kollejda o‘qib yurgan kezlari repetitorga qatnagan abituriyent oxiri bir qarorga kelib, 2012-yilda Navoiy davlat konchilik instituti talabasi bo‘lish baxtiga erishdi. Institut ostonasi Islomning kelgusi hayoti uchun ochilgan baxt eshigi edi, go‘yo... 

Katta ilm dargohida

Ustoz otangdek ulug‘, deya bejiz aytilmagan. Kimyo-­texnologiya soh­asini chuqur o‘rganishga bel bog‘lagan talaba bu orada kichik ilmiy maqolalar ham yozib, guruhdoshlari orasida ko‘zga ko‘rina boshladi. 

– Hayotdagi eng katta ustozimni dadam, deb bilsam, keyingi o‘rinda institutdagi o‘qituvchilarim Nodirjon Doniyorov va Ilhom Tog‘ayevning maslahatlari faoliyatimda asqotgan, deydi Islombek. Ular doim menga daraxt bir joyda ko‘karishi, bir ishning boshidan tutgach, uni albatta, oxiriga yetkazish lozimligi, halol ishlash kerakligi va ilmni pulga sotmaslikni uqtirib kelishgan. Mana shu o‘gitlarga amal qilganim bois, balki Yaratgan menga katta ilm yo‘lini ochib berdi.

Bakalavr bosqichidan so‘ng magis­traturani ham tamomlab, 2018-yilda pedagogik faoliyatini o‘zi tahsil olgan “Metallurgiya” kafedrasida assistent vazifasida boshladi. Ikki yil­dan so‘ng katta o‘qituvchi sifatida ishini davom ettirdi.

Bu orada ingliz tilini chuqur o‘z­lashtirgan yosh olim bir qator ilmiy ma­qolalarini xorijiy jurnallarda chop etti­rishga ham erishdi. Fosforit rudasi va shlamlari tarkibidagi skandiy elemen­tini ajratib olish bo‘yicha ilmiy ishga qo‘l urdi. Markaziy Qizilqumning past navli fosforit rudalariga sulfat kislotali ishlov berish natijasida ayrim zararli elementlarni eritma tarkibiga o‘tkazish imkoniyatlarini tatbiq qilishga kirishdi. Ilmiy chiqishlar qildi.

2021 va 2022-yillarda “Kommunal xizmat xo‘jalik chiqindi suvlarining faol loyqasi asosida organomineral o‘g‘itini olish usuli” hamda “Fosfat minerallar hosil bo‘lish Gibbs energiyasini ular­ning tarkibidagi birikmalar asosida aniqlash tenglamasini ishlab chiqish” mavzularida patentga ega bo‘l­di.

Garchi Islombek o‘zi shifokor bo‘la olmagan bo‘lsa­-da, uning singillari shu kasb egasi bo‘lishdi. Oiladagi aso­siy maqsad barcha farzandlarni oliy ma’lumotli qilish istagi to‘la amalga oshdi.

Navoiydan Kanadagacha

Universitet o‘qituvchisi vazifasida ishlash barobarida xorijda malaka oshi­rishga intilgan Islombek dastlab Avs­traliyaga borishni reja qilgan bo‘lsa, keyinchalik, AQSH oliygohlarining biriga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq anchagina xarajat talab etadigan bu ikkala unversitetda ta’lim olish uning uchun oson emas edi. So‘ngra o‘qitish sifati bo‘yicha dunyoda yetakchi davlat  Kanadani tanladi. Mazkur mamla­katning “Garvardi” maqomini olgan Mak Gill universitetiga hujjat topshirdi.

“El-­yurt umidi” jamg‘armasi to­monidan e’lon qilingan grantlar das­turidan xabar topgan yosh olim mazkur jamg‘armaga murojaat qilib, ayni shu orqali chet elda o‘qish xarajatlarini qoplash imkoniga ega bo‘ldi. 

Jomboylik kamtar yigit shu ta­riqa 2022-­yilning 1­-yanvaridan Kana­dada o‘qishini boshladi. 1700 nafardan ortiq pedagoglar jamoasiga ega Mak Gill universitetida foydali qazil­malarni boyitish ixtisosligi bo‘yicha tahsil olmoqda.

O‘zbek yoshlarining salohiyatini yuqori baholayman va bizning tala­balar bemalol xorijlik tengdoshlari bilan ilmda bellasha oladi,  deydi I.Murodov. Kanada ta’lim tizimi amaliyot bilan chambarchas bog‘liq. Universitetimizdagi laboratoriya­ tahlil xonalarida har qanday murakkablikdagi ilmiy amaliyotlarni bajarish mumkin. Onlayn ta’lim uchun imkoniyatlar keng. Bizdagi ta’lim va bu yerdagi asosiy farqlardan yana biri ushbu oliygohda va umuman, Kanada ta’lim tizimida talabaning o‘z ustida ishlashiga katta imkoniyat berilishidir. Misol uchun, sizga alohida profil­ ochiladi­ va­ siz­ har­ qanday ­pul­lik jurnallarga universitet hisobidan obuna bo‘la olasiz hamda boshqa shu kabi xarajatlaringiz qoplab berila­di. Amaliyotga bog‘langanlik darajasi juda yuqori. 

Albatta,­ musofir ­yurtda ­ta’lim ­olish­ oson emas. Ona obrazi mukammal yoritilgan asar O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” kitobini qayta­-qayta mutolaa qiluvchi Islombek qalbida oila sog‘inchini ham tuygan mahali uning uchun gavjum  megapolis o‘rnida ovloqqina No‘sh qishlog‘i manzaralari gavdalangandek bo‘ladi. Biroq, oldidagi eng katta maqsadi o‘zi tanlagan ixtisoslikda katta ilmiy natijalarni qo‘lga kiritish ishtiyoqi haqida o‘ylagach, vujudi yana qat’iyat bilan to‘ladi.

Ana shunday damlarda esa ikkinchi sevimli asari Janubiy Koreyaning so­biq prezidenti Li Myon Bakning “Mo‘­jiza sodir bo‘lmaydi” kitobini varaqlab, shijoatini yanada oshiradi. Oddiy oilada ulg‘ayib, davlat rahbarligigacha yetib borgan insonning hayoti kishiga kuchli mo­tivatsiya beradi, albatta.

Qizilqum ma’dani Kanadada tadqiq qilinmoqda

Islombekning xayollarini bu safar o‘zining ilmiy izlanishlari band etgan. U kuni kecha laboratoriyada amalga oshirgan tahlillari yuzasidan qayd et­gan yozuvlarini bir­-bir xotirasiga keltiryapti. Axir, u yurt kezish uchungina dunyoning bu olis burchiga kelgani yo‘q! Avvalo, o‘z millati mulki yer osti ma’danlari tarkibidagi murakkab elementlarni sanoat usulida ajratib olishning nazariy va amaliy jihatlarini to‘liq tadqiq qilishdek vazifani zimmasiga olgan!

Bugun yakka o‘zi emas, balki Kana­daga olib kelgani Qizilqum fosfori­di tarkibidan murakkab elementlarni ajratish yuzasidan xorijlik ustozi, pro­fessor Kristian Uoters bilan ilmiy tahlil olib borishadi. Islombek rahbarini kuttirib qo‘ymaslik uchun chinor os­tidan asta qo‘zg‘alib, la­boratoriya tomon yo‘l olarkan, azim chinorlar Kanadaning sokin shamol­larida ohista tebranib, go‘yo notanish yigitga omad tilaydi.

Ozod MUSTAFO, publitsist va yozuvchi.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM