Xalq vakillarining aholi muammosi bilan o‘tgan bir kuni

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Jomboy raqamli texnologiyalar texnikumida sektor rahbarlari va tuman kengashi deputatlari ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi. Prezident xalq qabulxonasi hamda tuman hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda fuqarolarning ishga joylashish, ijtimoiy himoya, kommunal xizmatlar, uy-joy, subisidiya, imtiyozli kredit mavzularidagi murojaat va takliflari qabul qilindi.

Tadbir jarayonida aniqlangan aholi muammolari joyida tahlil qilinib, imkon qadar hal etilgani e’tiborga molik. Qabulda ishtirok etgan 68 nafar fuqarolardan 91 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, 33 tasi ijobiy yechim topdi. Xususan, xastalikka chalingan 6 nafar yurtdoshimizga bepul tibbiy order, 4 nafar xotin-qizlarga subsidiya asosida tikuv mashinasi ajratildi.

– Yashash uyimiz og‘ir sharoitda bo‘lgani uchun tuman kengashi deputatlariga murojaat qildim, – deydi Quduqli mahallasida istiqomat qiluvchi Zilola Asadova. – Muammolarimga befarq bo‘lishmadi, zarur qurilish materiallari berishdi. Yana sog‘lig‘imni tiklash uchun viloyat reabilitatsiya markaziga, qizimni davolatish uchun tuman tibbiyot birlashmasiga bepul order ajratildi. Yurtimizda “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida amalga oshirilayotgan ishlar samarasini o‘zimda his qildim.

Qabul doirasida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etildi. Tumanda mavjud 300 dan ortiq vakant o‘rinlar ishsiz fuqarolarga taklif qilindi. Kun davomida 11 nafar yoshlar bilan mehnat shartnomasi tuzilishiga erishildi.

– Sayyor qabul samarasi aholi kayfiyatidan ham sezildi, – deydi tuman kengashi kotibiyati mudiri Jamshid Jumanov. – Xalq o‘zi saylagan vakil orqali muammolariga yechim topshi aslida demokratik jamiyatning muhim belgisi. Aholi bilan yuzma-yuz muloqotlarni kengaytirish, doimiy o‘tkazib borilishiga kelishib oldik.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM