Xotin-qizlar bilan ishlash tizimida hamkorlik dasturi ishlab chiqiladi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining hududiy bo‘linmalariga ko‘maklashish bo‘yicha respublika ishchi guruhi tumanimizda bo‘ldi. Xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha farmon, qaror va farmoyishlar ijrosi, xotin-qizlar faollarining faoliyat samaradorligi, erishilgan natija va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlili yuzasidan uchrashuv o‘tkazildi.

Tadbirda ishchi guruh a’zosi, oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i, professor Karima Norqulova, oila va xotin qizlar ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, dotsent Husniddin Norqulov hamda viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Zulfiya Rafiyeva qatnashdi. Sektor rahbarlari va hamkor tashkilotlarning mas’ul xodimlari ishtirokida aniq vaziyat raqamlar misolida tahlil qilindi.

Qayd etilishicha, joriy yilning o‘tgan davrida 466 nafar jomboylik ishsiz ayollar bandligi ta’minlangan, 289 nafari esa mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga o‘qitilgan. Shuningdek, 262 nafar xotin-qizlar onkologik skriningdan, 263 nafar onaxonlar esa chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.

So‘zga chiqqan mutasaddilar ayrim vazifalar ijrosida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganini ta’kidlashdi. Jumladan, oilalarda ma’naviy muhitni yaxshilash borasida tizimli ishlar olib borilmayotgani tanqid qilindi.

– Tahlillarga ko‘ra, “Ayollar maslahat kengashi”, “Oqila ayollar harakati”, “Nuroniylar maslahati guruhi” tomonidan yosh kelinlar, qaynonalar, oila boshliqlari o‘rtasida hurmat, mehr-oqibatni mustahkamlash uchun yetarlicha ish olib borilmayapti, – deydi Karima Norqulova. – Xotin-qizlar tomonidan 3 ta holatda jinoyat sodir etilgani, 4 nafar ayollar o‘z joniga qasd-suiqasd qilgani oldimizda kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar ko‘pligini anglatadi.

Mavjud muammolarni bartaraf etishda ayollar faollariga zarur tavsiyalar, maslahat va ko‘rsatmalar berildi. Iyun-dekabr oylari uchun mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlik dasturi ishlab chiqilishi belgilandi. Berilgan takliflar umumlashtirilib, chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Ishchi guruh a’zolari tumanda tashkil etilgan Ijtimoiy moslashuv, yoshlarni oilaga tayyorlash hamda xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘rgatish markazlari faoliyati bilan tanishdi.

2015-2022 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM