Asardan murod ma’rifatdir

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Qayum Sobirovning “O‘zlikni izlab” kitobini  varaqlar ekanman, kuzatishlar, hayotiy xulosalardan iborat muxtasar asar bo‘libdi, degan o‘y ko‘nglimdan o‘tdi.

Kitobxon sifatida menga zavq bergan, e’tiborimni eng ko‘p tortgan nuqta navoiyshunos olima Suyima G‘aniyeva bilan bog‘liq xotira bo‘ldi.

Samarqand dorilfununida o‘qib yurgan chog‘larimizda Abduhamidov familiyali ustozimiz bo‘lardi. Domla fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent bo‘lish barobarida arab va fors tillarini chuqur bilar, nodir qo‘lyozmalar tarjimasi bilan ham shug‘ullanardi. Bunga Kattaqo‘rg‘on adabiy muhitida ulg‘aygani sabab bo‘lsa kerak. Xullas, shu inson bizga G‘iyosiddin Xondamir asarlari, jumladan “Makorim ul-axloq” mohiyati xususida ham so‘zlab bergani yodimda.

Ustoz o‘zining matematika fani darsi yakunida shunday suhbatlar o‘tkazar va bo‘lg‘usi matematiklarning adabiyotchilardan kam emasligini doimo faxr bilan ta’kilardi.

Tasavvufiy bilimlarga ishtiyoq va havasni ijod zavqi ila kitobxon yuragiga yetkazish, arzirli so‘z aytish mushkul. Xolbuki, Qayum Sobirov iqtisodchi bo‘la turib, bu vazifani uddasidan chiqibdi.

Ko‘pchilikka o‘rnak va namuna bo‘lib yashamoq buyuk fazilatdir. Chin inson shu yo‘lda o‘zligini izlashdan tinmaydi. Risolaning keyingi boblarini o‘qib, hayotiy voqealar negizida inson, uning go‘zal xulqi va odamiylik fazilatlari har qadamda zarur ekan degan xulosaga keldim.

Mas’uliyatli vazifadagi insonning xalq g‘ami va tashvishida, obodlik va bunyodkorlik xizmatida kuniga o‘n olti soat, balki undan ham ko‘proq mehnat qilganidan so‘ng, ko‘rgan-bilganlarini qog‘ozga tushirishi – hayrat!

“O‘zlikni izlab”da badiiy publitsistikaning samarqandcha uslubiga, badiiy tiliga duch keldim.

Tasvirlangan voqealar hayotda bor, mavjud narsalar. Va mohiyat e’tibori shuki, muallif ustalik bilan voqelikka yangicha fikr, tashbeh bera olgan. Muallif nuqtai nazari ilk sahifalardagi tasavvuf istilohi borasidagi nuktadonlikda ko‘rinadi. Keyingi sahifalar esa hayotdagi ko‘rgan, bilgan va eshitgan voqea-xodisalarni yozuvchi nigohi bilan tahlil qiladi, o‘rganadi, xulosalari bilan baho beradi.

Istardimki, shunday asarlar har bir o‘zbek xonadonida bo‘lsa, uni farzandlarimiz bilan o‘qisak, ma’rifat olsak. Ishonchim komilki, muallifning ham ma’rifat tarqatishdan o‘zga murodi yo‘q.

Ubay QODIRXON,
faxriy jurnalist.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM