Ekoturizmga yo‘naltirilgan baliqchilik: Yangi sohaning kelajagi bormi?

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Baliqchilik – qishloq xo‘jaligining muhim tarmog‘i hisoblanadi. Shunga qaramay, so‘ngi uch yilda sohadagi ishlar ancha orqaga ketdi. Baliq yetishtirish bo‘yicha tumandagi ko‘rsatkich o‘tgan yili 0,4 foizni tashkil etgan, xolos. Qulay iqlim sharoiti, yer usti va yer osti suv resurslarini inobatga olib aytish mumkinki, tumanda xilma-xil baliq turlarini parvarish qilish imkoni mavjud.

– Baliqchilikka ixtisoslashgan xo‘jaligimiz to‘rt yil avval tashkil topgan edi, – deydi Nayman mahallasida joylashgan “Vladimir baliqlari” fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi Ravshan Bahriddinov. – Uch gektardan ortiq maydonda beshta hovuz qurdik. Sazan, do‘ngpeshona, oq amur va tislapiya baliq turlari yetishtirilyapti. Yil boshida 8 mingta chavoq tashlaganmiz.

Ahamiyatlisi, fermer xo‘jaligi ekoturizmga yo‘naltirilgan. Baliqlar to‘r bilan emas, faqat qarmoq bilan tutiladi. Ovchilar tutgan baliqlarni o‘zlari bilan olib ketishlari mumkin. Bir kilogrami 30 ming so‘mdan savdoga qo‘yilgan.

– Bu yil suv tanqisligi kuzatildi, – deydi R.Bahriddinov. – Hovuzlardagi suv sathi ancha pasaydi. Vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar sabab talafot ko‘rmadik. Ozuqa mahsulotiga eʼtibor qaratish juda muhim. Chavoqlarga go‘sht-suyak uni berilsa, yaxshi rivojlanadi.

R.Bahriddinovning aytishicha, jonivorlarni kana va ospa kasalligidan asrash kerak ekan. Ospa tashqi havzadagi baliqlardan yuqadi. Baliq kanasi esa uning tangachalarini orasiga o‘rnashib oladi. Buning uchun gektariga 100 kilogramm ohakni qaynatib sovutilgach, 100 gramm “ko‘k mitul” dorisi bilan birgalikda havzaga sepiladi.

Fermer xo‘jaligida intensiv baliq yetishtirish tarmog‘ini yo‘lga qo‘yish ishlari ketyapti. Turizm salohiyatini kengaytirish uchun baliqlarni shu yerning o‘zida pishirib sotish, cho‘milish havzalarni tashkil etish belgilangan. Tabiat qo‘ynida dam olishni xush ko‘ruvchi sayyoh va baliq ovi ishqibozlari uchun bu yaxshi imkoniyatdir.

Ahror SHAMSIYEV,
Sohib SAYFULLAYEV.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM