Meros huquqidan xabardormisiz?

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Meros insoniyat tarixidagi eng qadimiy huquq tushunchasi sanaladi. Mamlakatimizda bu borada aniq mexanizm ishlab chiqilgan.

Fuqarolik kodeksining 18-moddasiga ko‘ra, mol-mulkni meros qilib olish hamda vasiyat qilib qoldirish huquq layoqatining ajralmas qismidir. Demak, har bir fuqaro xususiy mulkini, shuningdek, mulkka bo‘lgan huquq-majburiyatlarini xohlagan jismoniy yoki yuridik shaxsga meros huquqi, jumladan, vorislik huquqi asosida qoldirishi mumkin.

Vasiyat bo‘yicha merosxo‘r bo‘lishi man qilingan shaxslar ro‘yxati qonunda belgilab qo‘yilmagan. Ammo, amalda ma’lum cheklovlar bor. Xususan, Fuqarolik kodeksining 1119-moddasi tartibida voris, shu jumladan, vasiyat bo‘yicha voris etib tayinlangan shaxs sudning hal qiluv qarori bilan noloyiq merosxo‘r deb topilishi, meros olishdan chetlashtirilishi mumkin.

Aniqroq aytganda, meros qoldiruvchi yoki ehtimoliy merosxo‘rlardan birini qasddan o‘ldirgan, ularning hayotiga suiqasd qilgan shaxs vasiyat bo‘yicha ham, qonun bo‘yicha ham meros olish huquqidan mahrum bo‘ladi. Vasiyat qiluvchi o‘z hayotiga suiqasd qilinganidan keyin vasiyatnoma bergan shaxslar bundan mustasno.

Bundan tashqari, meros qoldiruvchining oxirgi xohish-irodasini amalga oshirishga qasddan to‘sqinlik qilgan, shu orqali o‘zi yoki o‘ziga yaqin shaxslarning voris bo‘lishiga, tegishli ulushni ko‘paytirishga uringan shaxslar noloyiq merosxo‘r, deb topiladi.

Ota-onalik huquqidan mahrum etilgan va meros ochilgan paytda bu huquqi tiklanmagan shaxslar shu farzandlaridan qolgan mulkka voris bo‘lolmaydi.

Noloyiq merosxo‘rlarni vorislikdan chetlatish daxldor shaxsning da’vosi asosida sud tomonidan belgilanadi. Ushbu qoidalar vasiyat majburiyatiga nisbatan ham qo‘llaniladi. Bu har qanday merosxo‘rga, shu jumladan, majburiy hissa olish huquqiga ega bo‘lgan merosxo‘rlarga ham taalluqlidir.

Fuqarolik kodeksining 1118-moddasida merosxo‘rlarning huquqiy maqomi belgilangan. Meros ochilgan paytda hayot bo‘lgan, shuningdek, meros qoldiruvchining hayotlik paytida homila holida bo‘lgan va meros ochilgandan keyin tug‘ilgan bolalar merosxo‘r bo‘lishga haqli.

Bundan tashqari, meros ochilguncha tuzilgan yuridik shaxslar, shuningdek, davlat va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ham vasiyat bo‘yicha merosxo‘r bo‘lishi mumkin. Demak, qonun bo‘yicha merosxo‘rlar doirasiga asosan, qarindoshlik munosabatidagi shaxslar kirsa, vasiyat bo‘yicha merosxo‘rlarni tayinlash kishining mutlaq huquqidir.

Vasiyat bo‘yicha merosxo‘rlar doirasiga kirish uchun fuqaroning millati, fuqaroligi, turar-joyi, ijtimoiy kelib chiqishi, egallab turgan mansabi yoki moddiy ahvoli hamda muomalaga layoqatsizligi ta’sir etmaydi.

Meros ochilgan paytda hayot bo‘lmagan yoki meros ochilgandan keyin o‘lik tug‘ilgan bolalar, shuningdek, tugatilgan yuridik shaxslar meros olish huquqidan mahrum bo‘ladi. Ularga tegishli ulush avlodlarga o‘tishi qonunda nazarda tutilgan. Yuridik shaxslar bundan mustasno.

Vasiyat qiluvchi merosxo‘rlardan birini, bir nechtasini yoki hammasini izoh bermagan holda merosdan mahrum qilishga haqli.

Shu bilan birga, merosdan majburiy ulush olish huquqi ham qonunchiligimizda mavjud. Bunda meros qoldiruvchining voyaga yetmagan yoki mehnatga qobiliyatsiz bolalari, shu jumladan farzandlikka olgan bolalari, shuningdek, mehnatga qobiliyatsiz eri (xotini) va ota-onasi, shu jumladan uni farzandlikka olganlar, vasiyatnomaning mazmunidan qat’iy nazar, majburiy ulush oluvchilar sanaladi.

Merosdan majburiy ulush huquqiga ega bo‘lgan merosxo‘r uchun vasiyatnomada belgilangan har qanday cheklashlar va shartlar unga tegadigan merosning faqat majburiy ulushdan ortiqcha qismiga nisbatan haqiqiydir.

Shavkat TAVBOYEV,
viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sud’yasi.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM