Tumanimiz tarixidan qatralar

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Aytishlaricha, hozirgi Jomboy o‘rnida qachonlardir Amudaryo o‘zani yastangan ekan. Darhaqiqat, Cho‘ponota tepaligidan to Sherqo‘rg‘on va Gʻazira qirlarigacha bo‘lgan pasttekislikni kovlasangiz, qum aralash qayroq toshlarga duch kelasiz. Bu qatlamning qalinligi 3 metrdan kam emas. Demak, hudud bir necha ming yil oldin suv ostida bo‘lgani haqiqatga yaqin.

1950-yillarda Zarafshon ancha sersuv havza edi. Kechuvidan ot-aravada, katta qiyinchilik bilan o‘tganimiz yodimda. Yoz oylari suv yanada ko‘tarilib, ulov bilan o‘tish imkonsiz bo‘lib qolar, bunday mavsumda haq evaziga qirg‘oqdan-qirg‘oqqa o‘tkazib qo‘yadigan qayiqchilarning bozori yurardi. O‘sha yillarda chop etilgan xaritalarda Zarafshon Buxorogacha yetib borib, Amudaryoga quyilgani tasvirlangan.

Hudud Temuriylar davrida Sheroz ulusi tarkibiga kirgani tarixdan mu’lum. O‘sha vaqtlarda hozirgi Eski Jomboy atrofida davlat bekati bo‘lgan. Bunda 20-30 chog‘li chopar saqlanib, o‘ziga xos pochta vazifasini o‘tagan.

Chor Rossiyasi O‘rta Osiyoni bosib olgach, Samarqand uzra temir yo‘l quriladi. 1900-1905-yillardan hozirgi tuman markazi 69-raz’yezd sifatida faoliyat boshlaydi. 1908-yilgi ma’lumotlarda 69-raz’yezd aholisi bor yo‘g‘i 4 ta xo‘jalikdan iborat ekani qayd etilgan.

Keyinchalik, temir yo‘lchilar uchun uy-joylar, do‘kon va park quriladi. 1935-yildan Jomboy posyolka tipiga kirgan hudud sifatida tuman markazi etib belgilangan.

Poytaxt Samarqanddan Toshkentga ko‘chirilgach, viloyat tarkibidagi tumanlar birlashtirila boshlaydi. Jumladan, Jomboy ham Bulung‘ur tumaniga qo‘shib yuboriladi.

Jarayon uzoq davom etgan. Nihoyat, 1970-yilda tumanga qayta asos solindi. Bunda shu zamindan yetishib chiqqan ziyolilar, jamoat arboblari, faollarning mehnati katta.

“Partiyaning XXII syezdi” kolxozi Jomboyning eng nufuzli xo‘jaliklaridan sanalardi. Uning raisi Mamatqul Bozorov ilmga rag‘bati bor, vatanparvar, zakiy kishi bo‘lgan. Tumanni ajratib olishda aynan shu inson shaxsiy iroda ko‘rsatgani yodimda. Qolaversa, moliya bo‘limi mas’uli Mardon Sattarov, huquqshunos Jalolxon Burhonov bu borada hamfikr bo‘lishdi.

O‘sha yillar viloyat komsomol qo‘mitasida ishlardim. Mamatqul Bozorov meni ham taklif qildi. Birgalashib hujjatlar yig‘dik. Nima uchun tumanni mustaqil qilish niyatida ekanimizni asoslab, Sharof Rashidovga ariza yozdik. Xalq nomidan bitilgan maktubni mehnat faxriylari Normat Niyozov hamda Mahbuba Niyozova davlat rahbariga eltib, topshirishdi.

O‘sha vaqtlarda birinchi rahbar qabuliga kirish oson emasdi. Baxtimizga Sharof Rashidov ishchi tashrif bilan Jizzax viloyatining Baxmal tumaniga kelgan ekan. Raykom Arslon Hakimov bu haqida bizga xabar berdi. Shu tariqa arzimiz u kishiga to‘siqsiz yetib bordi. To‘g‘ri, bu orada juda ko‘p tazyiq va bosimlar bo‘lgani rost. O‘sha vaqtdagi Bulung‘ur tumani rahbarlari ayniqsa, qattiq qarshilik ko‘rsatishgan. Balki ular ham zamon talabidan kelib chiqib, shunday qilishgandir...

1970-yil 7-dekabr kuni O‘zbekiston Oliy Soveti Prezidiumining qarori e’lon qilindi. Ikki kun o‘tib, Bulung‘ur tumanining ayrim hududlari negizida Jomboy tumanini tuzish bo‘yicha “orgbyuro” tashkil etildi. Yangi yilga qadar tuman rahbariy organlari to‘liq shakllantirildi. Yangi Jomboy tumanining birinchi rahbari etib Muqim Hasanov tayinlandi.

1971-yil 1-yanvar holatiga tumanda 12 ta xo‘jalik – 2 ta sovxoz, 10 ta kolxoz faoliyat yuritgan. 1975-yilda Oktyabr (hozirgi Beshbola), 1976-yilda Navoiy (hozirgi Nogahon) hududlari ham tumanimiz tarkibiga olingan.

Mustaqillik yillarida Jomboy meva-sabzavotchilik markazi sifatida rivoj topa boshladi. Sanoat, ishlab chiqarish taraqqiy etdi. Ilk avtozavodlardan biri aynan tumanimizda tashkil etilgani ham hududning strategik ahamiyatidan darak beradi.

Barot NODIROV,
mehnat faxriysi.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM