Birgina tikuv mashinasi bilan oilani kambag‘allikdan chiqarib bo‘lmaydi, ammo...

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Viloyat Matbuot uyida tashkil etilgan bu galgi anjuman bir emas, uch tuman hokimi ishtirokida, ammo bir masala yuzasidan o‘tkazildi. Samarqand, Bulung‘ur, Jomboy tumani hokimlari ishtirokida o‘tkazilgan anjumanda temir, yoshlar, ayollar daftariga kiritilgan aholiga ko‘rsatilgan yordam, ularning bandligini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan fikrlar bildirildi.

Samarqand tumani hokimi N.Mavlonov, Bulung‘ur tumani hokimi B.Bahromov, Jomboy tumani hokimi Q.Sobirov tumanda ushbu masalada olib borilgan ishlarga doir faktlarni taqdim etar ekan, ularning fikrlarida umumiy mushtarak jihatlar ham bor edi.

– Deylik, 104 ta tikuv mashinkasi, 49 dona pishiriq pechi, 22 dona motopila, 4 dona sartaroshlik uskunasi, 2 dona noutbuk va boshqa shunga o‘xshash jihozlar tarqatish bilan aholini kambag‘allikdan chiqarish juda qiyin, – deydi B.Bahromov. – Ularga kompleks yondashuv lozim. Yoki yoshlarga yer tarqatib berish bilan ular biror natijaga ega bo‘la olmaydi. Masalaga yondashuvda hammasini hisobga olish, qiziqishlardan tortib imkoniyatlari, mahsuloti, xomashyosi, xaridori kabi masalalarga ham qiziqib ko‘ryapmiz.

– Samarqand tumani dehqonchiligi, tomorqasidan millionlab daromad topayotgan odamlari bilan mashhur, – deydi N.Mavlonov. – Shunday oilalarni “daftar”dagi oilalarga biriktirib qo‘yish yo‘lini ham sinab ko‘ryapmiz. Zarur moddiy yordamlar, ish boshlayman deganga uskunalar tarqatilishi bilangina oila o‘zini o‘nglay ololmaydi, albatta.

– 11 ta kichik sanoat zonamiz mavjud bo‘lsa-da, ammo barcha aholini to‘liq ushbu korxonalarda ishga qamrab olishga imkon yo‘q, – deydi Q.Sobirov. – Aholiga daromad topish manbalarini ko‘rsatishimiz, ularga bu masalada yordam berishimiz lozim. Bank qoshida «Gʻoyalar fabrikasi» tashkil etdik va bu orqali kichik bo‘lsa-da, ammo kunlik daromad topish imkoniga ega bo‘lgan sohalar haqida ma’lumotlar tayyorlandi va amaliyotga tatbiq etilmoqda.

Anjuman davomida viloyat ommaviy axborot vositalari xodimlari mazkur masala bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

zarnews.uz

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM