“Samarqand ruhi” barqaror taraqqiyot va hamkorlik ramziga aylanadi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand bugun ulkan izdihom markaziga aylandi. Dunyoning qariyb yarim aholisi istiqomat qiladigan mamlakatlar rahbarlari shahrimizda jam bo‘lib, mintaqada tinchlikni mustahkamlash, iqtisodiy-ijtimoiy aloqalarni rivojlantirish mavzuida kengashmoqda.

Shahrimiz Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 22-sammitiga har tomonlama puxta tayyorlandi. Xalqaro siyosiy anjumanda o‘n to‘rtta, jumladan, a’zo mamlakatlar (O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston) hamda kuzatuvchi maqomidagi davlatlar (Eron, Belarus va Mo‘g‘uliston), shuningdek, mehmon sifatida taklif etilgan mamlakatlar (Turkiya, Ozarbayjon va Turkmaniston) rahbarlari ishtirok etishmoqda. Jarayonni ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatib borish asnosida Vatanimizning, xususan Samarqand shahrining insoniyat tarixida tutgan o‘rni, dunyo tamadduniga qo‘shgan hissasi, bugungi mavqeyi ko‘z oldimdan o‘tdi.

1404 yilda Sohibqiron Amir Temur saroyiga kelgan Kastiliya (Ispaniya) elchisi Rui Gonsales de Klavixo yo‘l xotiralaridan iborat “Kundalik”larida shunday yozadi: “Temur davlatining shon-shuhrati Ovro‘po mamlakatlarigacha borib yetdi. Angliya, Fransiya, Ispaniya, Genuya va Vizantiya singari davlatlarning hukmdorlari Amir Temur bilan siyosiy va savdo-iqtisodiy munosabatlar o‘rnatishga intilib, ulug‘ jahongir huzuriga muntazam ravishda o‘z elchilarini yuborib turdilar”.

Demak, 6-7 asr avval ham yurtimiz jahon siyosati va diplomatiyasida muhim o‘rin tutgan. Qolaversa, iqlimi va tabiati benazir, tuprog‘i unumdor bu zamin o‘sha zamonlarda ham xorijliklarni o‘ziga maftun etgan. Klavixoning quyidagi hayrati ham diqqatni tortadi: “Bu yurt don-dun, may, meva-cheva, parranda go‘shti, boshqa har xil go‘sht, qo‘yingki, hamma narsaga boydir... Samarqand shahrida har yili Xitoy, Hindiston, Tatariston va boshqa mamlakatlardan, shuningdek, benihoya boy Samarqand saltanatining o‘zidan keltirilgan mollar sotiladi. Podshoh ikki tarafida qator do‘konlar joylashtirilgan savdo rastasidan iborat ko‘cha o‘tkazishni buyurdi. Ko‘chaning ikki tarafiga do‘konlar qurildi, har bir do‘kon oldida marmar bilan qoplangan yuksak kursilar o‘rnatildi. Har bir do‘kon ikkita xonadan iborat edi. Ko‘chaning tepasi gumbaz shaklida yopilgan bo‘lib, yorug‘lik tushib turadigan tuynukchalar qo‘yilgan. Shaharning savdo ahli, sarroflar, chitfurushlar, javohir va boshqa turli-tuman mollar bilan savdo qiluvchilar, oshpazlar, qassoblar, novvoylar, tikuvchilar, kafshdo‘zlar va boshqa barcha hunarmandlar podshoh o‘rdasi joylashgan yalanglikka chiqib, chodir tikib savdo qiladilar. Mahalliy xalq – mehnatsevar, mohir chavandoz, kamon otuvchi mergan, umuman urushda sabot-matonatli xalq. U boriga qanoat qilib, nonsiz birgina sut va go‘sht bilan ham kun kechiraveradigan, go‘shtli va go‘shtsiz ovqat bilan ham tirikchilik qilishga o‘rgangan xalq. Issiq va sovuqqa, ochlik va tashnalikka chidamlilikda jahondagi boshqa eldan sabotliroq va chidamliroqdir”.

O‘rta asrlardayoq xorijliklarda shunday rangin tasavvur uyg‘ota olgan Samarqand qayta kashf etilmoqda. Sammit o‘tayotgan shu kunlarda Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpinning “O‘zbek-Xitoy munosabatining yorqin kelajagini birgalikda yaratish yo‘lida” nomli maqolasi e’lon qilindi.

“Bu zamin mo‘l-ko‘l rizq ramzi bo‘lmish g‘alla yetishtirish uchun juda qulay, rang-barang gullarga, mazali mevalarga boy”. 1300 yil avval Tan sulolasining buyuk olim-rohibi Syuan Szan o‘z sayohatnomasida gullab-yashnagan Samarqandga shunday ta’rif bergan edi. Xitoy va O‘zbekiston – buyuk tamaddunga ega qadimiy mamlakatlar. Buyuk ipak yo‘li xalqlarimizning 2 ming yildan ortiq vaqt davomidagi do‘stona aloqalaridan darak beradi. G‘arbiy Xan sulolasi vakili Chjan Syan, Tan sulolasi vakili Syuan Szan va Min sulolasi vakili Chen Chen o‘z davrida Toshkent, Samarqand va boshqa mashhur shaharlarda bo‘lib, o‘tmishdagi aloqalarimizga guvohlik qilgan. Buxorolik Sayyid Ajal Shamsiddin Yuan sulolasi davrida Xitoyning Yunnan provinsiyasi gubernatori etib tayinlangan. Samarqandlik U Ju XIV asr o‘rtasida Xitoyning Nankin shahridagi observatoriya qurilishida ishtirok etgan. Mamlakatlarimiz hozirgi vaqtga qadar ularni xitoy-o‘zbek xalqlari do‘stligi asoschilari va elchilari sifatida iliq xotira ila yodga oladi”, – deb yozadi. Shuningdek, Chin xalqi rahbari o‘z fikrini davom ettirar ekan, “Xitoy va O‘zbekiston bir-biriga nihoyatda zarur manfaatlar va mushtarak kelajak bilan bog‘langan. Mamlakatlarimiz nafaqat ikki tomonlama asos, balki ShHT va boshqa ko‘p qirrali maydonchalar doirasida yaqin hamkorlik qilib kelmoqda. Tashqi ta’sirlarga birgalikda qarshi turmoqda... O‘tmish va kelajak chorrahasida turar ekanmiz, xitoy-o‘zbek munosabati kelajagidan umidimiz, ishonchimiz katta”, – deya ta’kidlaydi muallif.

Sammit arafasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning “O‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” maqolasi e’lon qilindi. Mazkur maqola mahalliy va xorijiy jamoatchilik vakillari tomonidan qizg‘in muhokama qilinmoqda.

“O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi dunyo miqyosida shiddatli jarayonlar kechayotgan o‘ziga xos “tarixiy evrilish” pallasiga to‘g‘ri keldi – bir tarixiy davr nihoyasiga yetmoqda hamda bashorat qilish mushkul bo‘lgan yangi bir davr boshlanmoqda. Dunyoning turli nuqtalarida davom etayotgan qurolli mojarolar savdo va investitsiya oqimlarini izdan chiqarib, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash borasidagi muammolarini yanada keskinlashtirmoqda. Shu bilan bir qatorda, global iqlim o‘zgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslari tanqisligining ortishi, bioxilma-xillikka putur yetishi hamda xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi jamiyatlarimizning zaif tomonlarini yanada yaqqolroq ko‘rsatib bermoqda. Bu muammolar insoniyat taqdiriga bevosita daxldor bo‘lgan mushtarak qadriyat va ne’matlarning yemirilishiga olib kelib, odamlar hayoti va faoliyatiga tahdid solmoqda, ularning daromad manbalarini qisqartirmoqda. Bunday murakkab sharoitda bir xaqiqat aniq: hech bir mamlakat yolg‘iz holda ushbu global xavf-xatarlarni chetlab o‘tish yoki bartaraf etishga qodir emas”, – deydi Prezident.

Samarali xalqaro hamkorlik – bu dunyoda barqaror, ishonchli va farovon taraqiyotning eng muhim omilidir. Aynan shunday yondashuv zamonamizning dolzarb muammolarini bahamjihat hal etish, yangi xavf-xatar va ijtimoiy larzalardan himoyalanish uchun eng aniq, maqbul va samarali yo‘l hisoblanadi.

“SHHTga a’zo barcha davlatlar – eng yaqin qo‘shnilarimiz, do‘stlarimiz va strategik hamkorlarimizdir. Ko‘p yillik birgalikdagi ishlarimiz tajribasiga tayanib ishonch bilan aytamizki, SHHTning Samarqand sammiti umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lidagi o‘zaro hurmat, ishonch, konstruktiv hamkorlik prinsiplariga asoslangan yangi, inklyuziv muloqotni yo‘lga qo‘yish borasida o‘ziga xos namuna bo‘la oladi”, – deb yozadi davlatimiz rahbari.

Amir Temur bobomiz “Temur tuzuklari”da “Tajribamdan bildimki, sodiq va haqiqiy do‘st ulkim, do‘stidan ranjimaydi, do‘stining dushmanini o‘z yovi deb biladi. Agar kerak bo‘lsa, do‘sti uchun jonini ham ayamaydi”, – deya ta’kidlaganlar. Ushbu hikmat bugun ko‘hna Samarqandda mehmon bo‘lib turgan davlat rahbarlariga olti asr avval Sohibqiron tomonidan aytilgan maslahat, o‘gitdek go‘yo. Binobarin, Shanxay Hamkorlik Tashkilotining ko‘p qirrali tarixiy sammitiga Samarqand mezbonlik qilayotganida ham o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Dunyoning turli nuqtalaridan tashrif buyurgan xalqaro kuzatuvchi va ekspertlar, jurnalistlar ham ta’kidlashmoqda. Bu – Samarqand ruhi tushunchasining o‘zagi bo‘lib xizmat qiladi.

Bugun o‘zaro nizolashib turgan mamlakatlar ham mazkur sammitdan so‘ng barqaror, tinch hayotga qaytishiga umid qilamiz. Ishonchimiz komilki, mazkur xalqaro anjumandan keyin davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar, barcha jabhalardagi aloqalar ijobiy tomondan yanada rivojlanadi. 

Qayum SOBIROV,
Jomboy tumani hokimi.

2015-2024 © Хокимият Джамбайского района. Разработан в: SAKTRM