“Amir Temur jangovor bayrog‘i” tumanimizda

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimiz harbiylari o‘rtasida “Amir Temur jangovor bayrog‘i” uchun musobaqa tashkil etilgandi.
O‘tgan bir yil davomida Qurolli Kuchlarimiz tarkibidagi barcha okrug qo‘shinlari jangovar-xizmat faoliyati, professional tayyorgarlik, axloqiy-ruhiy ko‘rsatkichlar yo‘nalishlarida sinovdan o‘tkazildi. Mudofaa vazirligi maxsus komissiyasi harbiy xizmatchilarimizning respublika va xalqaro musobaqalardagi ishtiroki, natijalarini sarhisob qilib borishdi. Nihoyat tarixda ilk bor o‘tkazilgan yirik musobaqada Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi, jumladan Samarqand gornizoni jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Bugun kuch-qudrat ramzi bo‘lgan jangovar bayroq viloyatimizga olib kelindi. Shu munosabat bilan tumanimizda ham bayram tadbiri o‘tkazildi.
Marosimda okrug qo‘mondonligi vakillari, tuman jamoatchiligi, faxriylar va yoshlar ishtirok etdi. Davlatimiz madhiyasi sadolari ostida “Amir Temur jangovor bayrog‘i” namoyish etildi.
Tuman hokimi Qayum Sobirov so‘zga chiqib, barchani ushbu zafar bilan muborakbod etdi.
– Ushbu bayroqning birinchi bo‘lib, ushbu zaminga olib kelinishida ham o‘ziga xos ramziylik bor, – dedi hokim. – Bundan qariyb 7 asr avval buyuk sarkarda bobomiz Sohibqiron Amir Temur o‘z saltanatini shu yurtdan turib boshqargan edi. Butun mamlakat o‘g‘lonlari Samarqand atrofida birlashib, muzaffar qo‘shinga aylangan. Ishonchim komilki, bugun okrug tarkibidagi harbiy qismlarda xizmat o‘tayotgan askarlar, serjant va ofitserlar yuragida buyuk ajdodlarimizning buyuk va qudratli ruhi bor.
Jangovor bayroq tananali sur’atda Samarqand shahriga kuzatildi.

2015-2024 © Jomboy tuman hokimligi. Sayt yaratuvchisi: SAKTRM